Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash tizimida muhim qadam — viloyat shifoxonasi negizida tashkil etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan Urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIUIATM) filialining faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu filial O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017–2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan PQ-3071-sonli qaror hamda 2020-yil noyabr oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayonlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tarkibida 2021-yil may oyida ish boshladi.
Yuqori texnologiyali urologik operatsiyalar joriy etildi
Filialning tashkil topishi bilan yuqori texnologiyali urologik operatsiyalar samarali yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, prostata bezining transuretral rezeksiyasi (TUR), laparoskopik kistektomiya va nefroektomiya, piyeloplastika, hamda geminefroureterektomiya kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, siydik yo‘li tosh kasalligida transuretral uretro-litotripsiya va sistolitotripsiya kabi minimal invaziv usullar keng qo‘llanilmoqda.
2025-yil 25-sentabrda esa Respublika mutaxassislari ishtirokida viloyatda ilk bor “TR Core biopsiya prostata” diagnostik jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Bu jarayon viloyat tibbiyot muassasalari, jumladan, Yakkabog‘, Shahrisabz va Qarshi tibbiyot birlashmalarida ham keng joriy etilmoqda.
Zamonaviy jihozlar va xalqaro hamkorlik
Filial O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-martdagi 130-sonli qarori hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020-yil 24-martdagi 78-sonli buyrug‘i asosida Quvayt Arab Iqtisodiy Rivojlantirish Fondi (KAIRF) ko‘magi bilan yuqori texnologiyali tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Bu esa viloyatda ilg‘or jarrohlik va diagnostika imkoniyatlarini yaratdi.
Malakali mutaxassislar – sifat kafolati
Filialda faoliyat olib borayotgan shifokorlar malakasi yuqori darajada. Jumladan:
Qosimov Orif Islomovich — 1-toifa shifokor-uroloh, Rossiya, Turkiya va Hindistonda malaka oshirgan tajribali mutaxassis.
Suvonov Abdulla Khaitovich — 1-toifa shifokor, pediatriya va bolalar jarrohligidan keyin urologiya sohasida qayta tayyorgarlik ko‘rgan.
Norkulov Sardor Mustafoevich — endourologiya bo‘yicha malaka oshirgan.
Temirov Ulug‘bek Nematilloyevich — 2-toifa shifokor, xorijiy amaliyot va Toshkentdagi ixtisoslashuv kurslarini tamomlagan.
Rakhmonov Fayoz Shukhratjonovich — yosh mutaxassis, endourologiya bo‘yicha malaka oshirgan.
Begimov Ilhom Alisherovich — faoliyat ko‘rsatayotgan urolog.
Kelajak rejalari
Filialning istiqboldagi asosiy maqsadlaridan biri buyrak tosh kasalligini kontakt litotripsiya usulida davolashni yo‘lga qo‘yishdir. Bu esa tibbiy yordam sifatini yanada oshiradi va bemorlar uchun qulaylik yaratadi.
Qashqadaryo viloyatidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialining tashkil etilishi va yuqori texnologiyali xizmatlarni joriy etilishi viloyat sog‘liqni saqlash tizimining yangi bosqichga o‘tishini anglatadi. Zamonaviy uskunalar, malakali mutaxassislar va keng qamrovli xizmatlar aholiga sifatli va ishonchli tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.