Qashqadaryo viloyatida gematologiya xizmatining yangi bosqichi: zamonaviy tibbiyot sari dadil qadam

  • Home
  • Qashqadaryo viloyatida gematologiya xizmatining yangi bosqichi: zamonaviy tibbiyot sari dadil qadam
Shape1
Shape2
Qashqadaryo viloyatida gematologiya xizmatining yangi bosqichi: zamonaviy tibbiyot sari dadil qadam

Qashqadaryo viloyatida gematologiya xizmati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2010-yil 30-dekabrdagi 364-sonli “Respublika aholiga gematologik xizmat ko‘rsatilishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu soha jadal rivojlanib bormoqda. 2022-yilda viloyat gematologiya bo‘limiga filial maqomi berilgani bu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada kengaytirish uchun muhim turtki bo‘ldi.

Malakali kadrlar — sifatli xizmat garovi

2025-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gematologiya bo‘limida jami 24 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Shundan 3 nafari shifokor, 10 nafari o‘rta tibbiyot xodimi, 11 nafari kichik tibbiyot xodimlaridir.
Bo‘limda faoliyat yuritayotgan barcha uch nafar shifokor oliy toifaga ega mutaxassislar bo‘lib, ular orasida xorijda malaka oshirganlar ham bor. 2024-yil davomida bo‘limdagi 3 nafar shifokor o‘z malakasini oshirgan, ulardan 1 nafari chet elda tajriba orttirgan. Shuningdek, 4 nafar o‘rta tibbiyot xodimi malaka oshirgan bo‘lsa, 3 nafari toifa olgan.

Tibbiy imkoniyatlar va mavjud infratuzilma

Viloyat bo‘yicha gematologiya yo‘nalishida 25 ta statsionar o‘rin mavjud bo‘lib, ularning 15 tasi byudjet asosida, 10 tasi esa xo‘jalik hisobida faoliyat yuritadi. Bo‘limda asosan qon tizimi kasalliklariga — o‘tkir leykoz, aplastik anemiyava boshqa og‘ir gematologik xastaliklarga chalingan bemorlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bemorlarni yuqori darajadagi parvarish bilan ta’minlash uchun steril boks-palatalar tashkil etish zarur. Bu nafaqat og‘ir ahvoldagi bemorlarni xavfsiz muhitda davolash, balki infeksion asoratlarning oldini olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, bo‘lim qoshida dispansyer bo‘limi tashkil etish, tibbiyot xodimlari uchun maxsus normativ stavkalarajratish taklif etilgan. Bu tashabbuslar viloyatda gematologik yordam sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tizimli rivojlanish uchun ustuvor yo‘nalishlar

2025-yilda Qashqadaryo viloyatida gematologiya xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar rejalashtirilgan:
Har bir tuman shifoxonasida katta yoshdagi bemorlar uchun gematolog kabinetlari tashkil etilib, shtatli gematolog vrachlari bilan ta’minlash.

Mutaxassislarning xorijiy klinikalarda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish.
Laboratoriya bo‘limini zamonaviy reaktivlar bilan uzluksiz ta’minlash.
Mahalliy byudjet hisobidan dorilar zaxirasini ko‘paytirish va uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash.
Onkogematologik bemorlar uchun maxsus boks-palatalar tashkil etish.

Nosokomial (kasalxona ichidagi) infeksiyalar oldini olish maqsadida portativ bakterisid (kvarts) lampalarbilan ta’minlash.
Kimyoterapiya dori vositalarini xayriya, homiylik, tender va mahalliy byudjet hisobidan xarid qilish mexanizmlarini kuchaytirish.
Tibbiyot xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida kimyoterapiya preparatlarini tayyorlash uchun maxsus himoya shkaflari bilan ta’minlash.

Nasliy gematologik kasalliklar — gemofiliya va aplastik kamqonlik bilan og‘rigan bemorlarning imtiyozli davolanishini ta’minlash.
Gemofiliya A va B turlari bilan og‘rigan bemorlarni VIII va IX faktorlar bilan uzluksiz, markazlashtirilgan tarzda ta’minlash.

Kelajak sari intilish
Qashqadaryo viloyatida gematologiya xizmati bosqichma-bosqich yangi sifat darajasiga ko‘tarilmoqda. Tibbiyot xodimlarining bilim va tajribasini oshirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish, bemorlar uchun qulay sharoitlar yaratish orqali ushbu yo‘nalish viloyat sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylanmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, minglab bemorlarning hayot sifatini yaxshilash, ularning sog‘lom hayotga qaytishiga xizmat qiladigan muhim qadamlardan biridir.