So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan tizimli islohotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan bu islohotlar zamirida inson salomatligi va hayot sifati ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qoshidagi markaziy laboratoriyaning tubdan yangilanishi sohadagi yuksalishlardan biridir. So‘nggi 2-3 yil ichida bu laboratoriya butunlay yangi qiyofa kasb etib, zamonaviy tibbiyotning eng so‘nggi rusumdagi uskunalari bilan jihozlandi.
Endilikda laboratoriyada dunyo standartlariga javob bera oladigan avtomat va yarim avtomat tibbiy diagnostika uskunalari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, SNEBE va MINDRAY kabi yetakchi brendlarning biokimyoviy analizatorlari, DYMIND avtomatik gematologik analizatori, MGLUMI-X3, MGLUMI-X8, Mindray Ci-1000, KSHS kabi IFA, IFLA, IHLA tahlil uskunalari ishga tushirilgan. Shuningdek, gemostaz, spermogramma, allergologik tahlillar uchun Q-Smartqurilmalari orqali aniq va tezkor diagnostika yo‘lga qo‘yildi.
Yaqin kunlarda esa laboratoriyada PCR (polimeraz zanjir reaksiyasi) va bakteriologik tahlillarni amalga oshiruvchi bo‘limlar ham to‘liq ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, immunogistoximiya va immunotsitoximiya yo‘nalishlari ham faoliyat boshlagan bo‘lib, bu yo‘nalishlar nafaqat viloyat, balki mintaqa miqyosida noyob hisoblanadi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, markaz laboratoriya xodimlari respublikamizdagi yetakchi tibbiyot muassasalari va bir qator xorijiy davlatlar laboratoriyalarida malaka oshirib qaytmoqda. Bu esa xizmat sifatining yuksalishida muhim omil bo‘lmoqda.
Mazkur yangiliklar viloyat aholisi uchun sifatli, tezkor va ishonchli laborator tibbiy xizmatlarni kengaytirish, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun esa yuqori texnologiyali sharoitda ishlash imkoniyatlarini yaratdi.
Qashqadaryo viloyati markaziy laboratoriyasining bugungi salohiyati – zamonaviy tibbiyotning yuksak bosqichda ekani, shu bilan birga Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarning amaliy ifodasidir.