Qashqadaryo viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining I-Gastroenterologiya bo‘limi 2018-yilda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida tashkil etilgan. Mazkur bo‘lim Respublika miqyosida ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritmoqda.
Bo‘limda jami 25 o‘rin mavjud bo‘lib, ulardan 15 tasi davlat budjeti hisobidan, 10 tasi esa xo‘jalik hisobidan rejalashtirilgan. Bemorlar rejalashtirilgan tartibda yotqizilib, yuqori sifatli davolanish imkoniyatiga ega. Hozirda bo‘limda 5 ta malakali shifokor faoliyat olib bormoqda, ulardan 2 tasi oliy toifaga ega, qolgan 3 tasi esa birinchi toifa shifokorlardir.
Shifokorlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda Rossiya, Hindiston, Koreya, Belarus, Turkiya va Italiya kabi davlatlarda oshirib, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari bilan doimiy tanishib borishmoqda.
Bo‘lim Respublikadagi Ichki Kasalliklar Ilmiy-Tadqiqot Markazining gastreoenterologik va gepatologik xizmatlarining 80 foizini bajaradi. Yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarining 20 foizi esa tegishli ixtisoslashgan muassasalarga yo‘naltiriladi.
2024-yildan boshlab bo‘limda imtiyozli bemorlarni tibbiy sug‘urta hisobidan davolash joriy etilgan bo‘lib, hozirga qadar 600 dan ortiq bemorlarga yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, viloyat miqyosida 150 dan ortiq jigar transplantatsiyasi o‘tkazilgan bemorlarga davlat tomonidan bepul dori-darmonlar tarqatilmoqda.
Kelgusida markazda Fibroskan tekshiruvi va endoskopik usul yordamida varikoz kengaygan qiziluncha venalarini bog‘lash amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Qashqadaryo viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining I-Gastroenterologiya bo‘limi sog‘liqni saqlash tizimida o‘zining muhim o‘rni va xalq salomatligini yaxshilashdagi hissasi bilan e’tiborga loyiqdir.