Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlari uchun bayram dasturi tashkil etildi

  • Home
  • Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlari uchun bayram dasturi tashkil etildi
Shape1
Shape2
Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlari uchun bayram dasturi tashkil etildi

Ma’lumki, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana — inson salomatligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan shifokor, hamshira va barcha soha vakillarining ehtirom bilan qadrlanadigan kunidir.

Kasb bayramlarini doimo yuksak kayfiyat va yutuqlar bilan qarshi oladigan Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jamoasi bu yil ham mazkur kunga munosib tayyorgarlik ko‘rdi. Bugun markazda faoliyat yuritayotgan salomatlik posbonlari Qarshi shahridagi “Tantanalar majmuasi”da o‘tkazilgan bayram dasturiga taklif etildilar.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nizom Qurbomov hamda markaz direktori Shavkat Gapparov soha vakillarini samimiy tabriklab, ularning fidoyi mehnati tufayli aholining tibbiy madaniyati yuksalib borayotganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasini rivojlantirish, tibbiyot xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor va tashabbuslarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir davomida ko‘p yillik sadoqatli mehnati bilan soha taraqqiyotiga hissa qo‘shgan bir guruh fidoyi xodimlar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bayram dasturi san’atkorlarning sho‘x kuy-qo‘shiqlari, tibbiyot xodimlarining quvonchli raqslari va samimiy tabassumlari bilan yanada fayzli va xotirjam ruhda o‘tdi.

Bu kabi e’tibor va e’tirof tibbiyot jamoasining ruhiyatini ko‘tarib, ularni yanada mas’uliyatli, fidoyi hamda mehr bilan xizmat qilishga undaydi.