Qashqadaryo viloyatida zamonaviy tibbiyot xizmatlari jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi PQ–5254-sonli qaroriga asosan Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tarkibida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIIATM) filiali tashkil etilgan.
Filialda zamonaviy laparoskopik videostoyka yordamida quyidagi jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilgan:
🔹 Har xil turdagi churralarda allogernioplastika;
🔹 Operatsiyadan keyingi ventral churralarda alloplastika;
🔹 Chov churrasida Lixshtenyn usuli asosidagi operatsiyalar.
2025-yilning 9 oyida mazkur usullar bilan 254 nafar bemor operatsiya qilindi.
Shuningdek, markazda quyidagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ham amalga oshirila boshlandi:
🔹 Qandli diabetda metabolizmni tiklash maqsadida laparoskopik gastroshuntlash;
🔹 Laparoskopik subtotol kolektomiya;
🔹 Qizilo‘ngach varikoz venalarida qon ketganda endoskopik tikish va klipsa qo‘yish.
Bu yo‘nalishlar bo‘yicha jami 373 nafar bemorga 7 turdagi murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Shuningdek, markazda buyrak ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) amaliyotlari ham yo‘lga qo‘yilib, 20 dan ortiq bemor muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.
Markazda 7 nafar shifokor faoliyat yuritmoqda: 3 nafari oliy toifali, 3 nafari birinchi, 1 nafari ikkinchi toifali. Ular Hindiston, Rossiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarda malaka oshirib kelgan.
✅ Shifokorlar tarkibi:
Umirov Mashrab Barnoevich – boʻlim boshligʻi, oliy toifali, laparoskopiya bo‘yicha mutaxassis. Hindiston va Rossiyada malaka oshirgan.
Pardayev Mamanazar – oliy toifali, 45 yillik tajribaga ega. Moskva, Kiev, Toshkentda malaka oshirgan.
Berdiev Arslon Hamroevich – oliy toifali, xirurgiya bo‘yicha tajribali mutaxassis.
Pardayev Jamshid Mamanazarovich – 1-toifa, endoskopiya, bronxoskopiya bo‘yicha ixtisoslashgan.
Chuliev Sobir Kuziboyevich – 1-toifa, laparoskopiya va transplantologiya bo‘yicha xorijda malaka oshirgan.
Shirinov Bekzod Qodirovich – 1-toifa, transplantologiya yo‘nalishida faoliyat yuritadi.
Jumanov Husniddin Alisher o‘g‘li – 2-toifa, qon-tomir jarrohligi bo‘yicha ixtisoslashgan yosh mutaxassis.
Xulosa o‘rnida, Qashqadaryo viloyatidagi Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali qisqa fursatda mintaqada zamonaviy jarrohlik va transplantologiya xizmatlarini joriy qilishda katta natijalarga erishmoqda. Bu esa, albatta, nafaqat viloyat, balki butun respublika tibbiyot tizimi taraqqiyoti uchun muhim qadamdir.