Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida zamonaviy litotripsiya uskunasi ishga tushirildi

  • Home
  • Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida zamonaviy litotripsiya uskunasi ishga tushirildi
Shape1
Shape2
Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida zamonaviy litotripsiya uskunasi ishga tushirildi

Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etish maqsadida Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yangi, yuqori texnologiyali tibbiy uskuna foydalanishga topshirildi.

Xususan, markazga Turkiyaning “Ingler Medical” kompaniyasida ishlab chiqarilgan pnevmatik va ultratovushli litotriptor qurilmasi keltirilib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur zamonaviy uskuna siydik-tosh kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda buyrak va siydik yo‘llarida hosil bo‘lgan toshlarni mayda bo‘laklarga parchalash orqali davolash imkonini beradi.

Yangi litotriptorning afzalligi shundaki, u kam invaziv, ya’ni jarrohlik aralashuvisiz yoki minimal aralashuv bilan muolajani amalga oshirish imkonini yaratadi. Bu esa bemorlar uchun kam og‘riqli, xavfsiz hamda tiklanish davri qisqa bo‘lgan davolash usulini ta’minlaydi. Qurilma pnevmatik va ultratovush texnologiyalarini uyg‘unlashtirgani bilan ajralib turadi va toshlarni samarali hamda aniq parchalashda yuqori natija ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu uskuna yordamida davolanish bemorlarning shifoxonada yotish muddatini qisqartiradi, asoratlar xavfini kamaytiradi hamda davolash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Eng muhimi, endilikda viloyat aholisi bunday zamonaviy muolajalar uchun boshqa hududlarga murojaat qilishiga hojat qolmaydi.

Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash ishlari izchil davom etmoqda. Bu esa aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, yuqori texnologiyali davolash usullarini hududlarda keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.