Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limi — murakkab operatsiyalar markazi

  • Home
  • Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limi — murakkab operatsiyalar markazi
Shape1
Shape2
Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limi — murakkab operatsiyalar markazi

Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limi bugungi kunda nafaqat viloyat, balki butun respublika miqyosida ham murakkab neyroxirurgik kasalliklarni davolash borasida yetakchi tibbiyot maskanlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Mazkur bo‘limda bosh miya va orqa miya o‘smalari, shuningdek, bo‘yin, ko‘krak va bel umurtqalarida kuzatiladigan sinish, chiqish, siljish kabi og‘ir holatlarda yuqori aniqlikdagi jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda bo‘lim faoliyati zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan boyitilib, mikroskopik operatsiyalar keng joriy etildi. Ayniqsa, MESH, KEYDJ, TPF bilan stabilizatsiya qilish kabi ilg‘or usullar asosida bajarilayotgan amaliyotlar bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilamoqda.

2023-yilda Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan taqdim etilgan zamonaviy mikroskop apparati bo‘lim ishiga yangi bosqich olib kirdi. Ushbu yuqori aniqlikdagi qurilma yordamida bosh miya sohasidagi eng murakkab jarrohlik amaliyotlari ham endilikda yanada aniq va xavfsiz tarzda bajarilmoqda.

Neyroxirurgiya bo‘limi shifokorlari bugun o‘z sohasida chuqur bilim va tajribaga ega mutaxassislar sifatida tan olingan. Ularning sa’y-harakatlari tufayli ko‘plab bemorlar hayotga qaytmoqda, jismoniy faoliyatini tiklamoqda va sog‘lom hayot sari yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.

Bo‘limda yuqori malakali tibbiyot xodimlari, zamonaviy asbob-uskunalar, hamda bemorlar uchun qulay sharoitlar mavjud. Shu boisdan ham Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limi bugungi kunda nafaqat tibbiy xizmatlar sifati, balki inson hayotini asrashdagi fidoyiligi bilan ham ajralib turadi.