Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi — shifo maskani, taraqqiyot ramzi

  • Home
  • Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi — shifo maskani, taraqqiyot ramzi
Shape1
Shape2
Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi — shifo maskani, taraqqiyot ramzi

Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bugun nafaqat Qarshi shahri, balki butun viloyatning eng yirik va eng zamonaviy tibbiyot muassasalaridan biri sifatida tan olingan. 1914-yilda tashkil topgan ushbu shifoxona o‘zining yuz yildan ortiq tarixida minglab bemorlarning sog‘ligini tikladi, yuzlab malakali shifokor va tibbiyot xodimlarini yetishtirdi.
Markazning dastlabki faoliyati jarrohlik, terapiya va tug‘ruq bo‘limlaridan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 50 dan ortiq yo‘nalishda yuqori malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Markaz tarkibida umumiy jarrohlik, travmatologiya, neyroxirurgiya, urologiya, yurak-qon tomir jarrohligi, endokrinologiya, proktologiya, fizioterapiya, diagnostika va boshqa ko‘plab ixtisoslashgan bo‘limlar faoliyat yuritmoqda.
439 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonaning 206 o‘rni byudjet, qolgan 233 o‘rni xo‘jalik hisobida ishlaydi. Har oyda o‘rtacha 1500 nafardan ortiq bemorga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Markazda reanimatsiya bo‘limi, VIP-palatalar, zamonaviy diagnostik uskunalar, shuningdek, xalqaro tajriba asosida ish olib borayotgan mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Innovatsion yondashuv va xalqaro hamkorlik
So‘nggi yillarda markaz moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli yutuqlarga erishdi. 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar hisobiga yangi tibbiy asbob-uskunalar xarid qilindi. Xususan, Germaniyaning KfW banki moliyalashtirayotgan loyiha doirasida “PHILIPS INGENIA 1.5T Omega” rusumidagi MPT apparati xarid qilinib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Markazning tajribali mutaxassislari Koreya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarda malaka oshirib kelishmoqda. Chet ellik bemorlar uchun alohida sharoitlar yaratilgan bo‘lib, barcha bo‘limlarda ikki kishilik xonalar tashkil etilgan. Bu esa tibbiyot turizmini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda yagona yo‘nalishlar markazi
Viloyatda yagona hisoblangan torakal jarrohlik bo‘limida o‘pka rezeksiyasi, abstsess, kista va boshqa murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qon-tomir jarrohligi, neyroxirurgiya, urologiya, umumiy va yiringli jarrohlik, ortopediya, proktologiya yo‘nalishlarida ham zamonaviy operatsiyalar yo‘lga qo‘yilgan.
«Golden Dragon» rusumli maxsus mikroavtobus yordamida har hafta shaharu tumanlarda sayyor tibbiy yordam ko‘rsatish tashkillashtirilmoqda. Kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan fuqarolar hamda ijtimoiy ahamiyatga ega guruhlar doimiy e’tiborda.

Sog‘lom turmush tarzi va jamoaviy ruh
Markaz nafaqat davolash, balki profilaktika, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida ham faol ish olib bormoqda. Har kuni ertalab markaz xodimlari uchun jismoniy mashqlar o‘tkaziladi, sport zali bemorlar xizmatiga taqdim etilgan.
Tibbiyot xodimlari ishtirokida “Kitob sovg‘a qilaman” kabi ijtimoiy loyihalar orqali ham aholining madaniy saviyasini yuksaltirishga hissa qo‘shilmoqda.

Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bugun shunchaki bir shifoxona emas — bu o‘zbek sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, taraqqiyot, fidokorlik va innovatsiyaning yorqin namunasi hisoblanadi. Bu maskanda nafaqat tan, balki ko‘ngil ham shifo topmoqda.