Respublika bolalar ortopediya markazida qo‘llanilayotgan innovasion muolaja usullari kichik yoshli bemorlarning tayanch-harakat tizimidagi murakkab kasalliklarni tez va samarali davolash imkonini bermoqda.
Muassasa diagnostik poliklinika, radiologiya, klinik laboratoriya, anesteziologiya-reanimasiya, operasion blok va 5 ta klinik bo‘limni o‘z ichiga oladi.
Xususan, diagnostik poliklinika bo‘limi ortopedik kasalliklarni erta aniqlashda qo‘llanadigan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Unda bolalarda ko‘p uchraydigan yassioyoqlikni erta aniqlash maqsadida komp’yuterli podometrdan foydalanilyapti.
Ushbu uskuna yordamida yil davomida mingdan ortiq bola nazoratdan o‘tkazilib, ularda aniqlangan yassioyoqlik darajasi, turi va davolash usullari tanlanadi.
Ul’tratovush uskunasida bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda chanoq-son bo‘g‘imi kasalliklari, yumshoq to‘qimalar hosilasi, ichki a’zolar patologiyasi erta aniqlanib, tegishli muolajalar tavsiya qilinadi.
Shuningdek, radiologiya bo‘limi ham “Canon” raqamli rentgen apparati va mul’tispiral komp’yuter tomograf bilan jihozlangan. Ular yordamida kuniga yuzdan ortiq bemorlarda tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Markazning 1-bo‘limi chanoq-son bo‘g‘imi tug‘ma va orttirilgan patologiyalarini davolashga ixtisoslashgan. Bu yerda son suyagi tug‘ma chiqishini erta aniqlash va funksional davolash, 2 yoshdan katta bemorlarda yuqori texnologiyali rekonstruktiv-tiklash jarrohlik amaliyoti bajariladi.
— Hozir anesteziologiya- reanimasiya va jarrohlik bo‘limi 4 ta operatsiya hamda 9 o‘ringa mo‘ljallangan intensiv terapiya xonasidan iborat, — deydi markaz direktori Akbar Tilyakov. — Operatsiya xonalari zamonaviy rentgen, artoroskop, narkoz va sun’iy nafas olish, bemorning asosiy hayot ko‘rsatkichlarini kuzatish apparatlari bilan jihozlangan.
Operatsiya-reanimasiya blokida kuniga 10-12 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning tegishli farmoni asosida bu yil markazimizga bolalar va o‘smirlarda skolioz kasalligini operativ davolash uchun transpedikulyar sistema va bolalarda son tug‘ma hamda orttirilgan chiqishlarni operativ davolash uchun metall implantlar olib berildi.
Respublika bolalar ortopediya markazining zamonaviy binosi qurilishi yakunlangach, bu yerda barcha qulayliklarga ega yangi qabul diagnostika va konsul’tativ poliklinika bo‘limi, travmpunkt, 40 o‘rinli klinik bo‘lim va zamonaviy operatsiya-reanimasiya bloki faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.